Bugun universitet rahbariyati Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida boʻlib, fuqarolar yigʻini masʼullari va aholi vakillari bilan muloqot olib bordi. Maqsad qatʼiy, reja aniq, ish xayrli.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov tashabbusi bilan vohadagi kambagʻallik darajasi 10 foizdan yuqori boʻlgan mahallalar tashkilot va muassasalarga biriktirib berildi. Tabiiyki, Qarshi davlat texnika universiteti jamoasi ham bu ezgulikdan chetda turgani yoʻq.

Rektor Sherzod Neʼmatov boshchiligida birinchi prorektor Abror Murtazayev, dekanlar, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar ishtirokida mahalla faollari bilan suhbat tashkil etildi. Kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

-Maqsadimiz Gulshan mahallasini oyoqqa turgʻazish, odamlarga motivatsiya berish, — deydi Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti dekani Shavkat Nasimov. — Tadbirkorlik bilan shugʻullanishga moyilligi boʻlgan kishilarga yaxshi natija beradigan biznes turlarini tavsiya qilyapmiz, oʻz faoliyatlarini boshlashlari uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsatyapmiz.

Mahallaga professor-oʻqituvchilarimiz sovgʻasi – kitoblar tortiq etildi. Yoshlarga axborot texnologiyalarini oʻrganish imkoniyatini beruvchi vaucher topshirildi.

Gulshan mahallasida universitet tashabbusi bilan chet tillari – ingliz, nemis, yapon tillarini oʻrgatish va axborot texnologiyalari boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish moʻljallanmoqda. Robototexnika toʻgaragi ochiladi. Aholining buxgalteriya, biznes va tadbirkorlik boʻyicha savodxonligi oshiriladi. Mahallada “Quyoshli xonadon” loyihasi amalga oshiriladi.

Xullas, bir soʻz bilan aytganda, universitet katta ishning boshini tutgan. Hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar bisyor.