Qarshi davlat texnika universiteti magistranti Muhriddin Muqimov “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi!
Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida oʻtkazilgan taqdimotda uning “Intellektual ogohlantirish tizimi” nomli innovatsion loyihasi yuqori baholandi va katta qiziqish uygʻotdi.

Mazkur loyiha piyodalar oʻtish joylarida xavfsizlikni oshirishga qaratilgan boʻlib, zamonaviy avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimi orqali yoʻl-transport hodisalarining oldini olishni maqsad qiladi. Bu gʻoya inson hayoti xavfsizligini taʼminlashda muhim innovatsion yechim sifatida eʼtirof etilmoqda.

Taqdimot yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Har bir loyiha ijrosi esa tizimli ravishda monitoring qilib borilishi belgilandi.

Shuningdek, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ularning amaliyotga joriy etilishini doimiy nazorat qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi.

Muhriddin Muqimovning bu muvaffaqiyati — yoshlar innovatsiyasi, ilmiy salohiyat va kelajak sari dadil qadamlarning yorqin ifodasidir!