Energetika muhandisligi fakultetida “Nuriston” akademik litseyi oʻquvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda akademik litseyning texnika va aniq fanlar yoʻnalishida tahsil olayotgan oʻquvchi qizlari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida oʻquvchilarga fakultetda yaratilgan sharoitlar, taʼlim yoʻnalishlari, zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy tadqiqot ishlari va talabalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻquvchi qizlar fakultetning oʻquv laboratoriyalari va maxsus jihozlangan xonalari bilan tanishib, energetika sohasida qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida tushunchaga ega boʻldilar. Shuningdek, elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va muhandislik kabi yoʻnalishlarning bugungi kundagi ahamiyati haqida maʼlumotlar berildi.

Tadbirning muhim jihatlaridan biri — qizlarning STEM yo‘nalishlariga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va ularni texnik hamda muhandislik sohalarida o‘z salohiyatini namoyon etishga ruhlantirish bo‘ldi.

Ma'lumot o‘rnida: “STEMda qizlar” — qizlarni fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga keng jalb etishga qaratilgan tashabbus.

Oʻquvchilar fakultet professor-oʻqituvchilari bilan bevosita muloqot qilib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda kelajakda energetika sohasi boʻyicha oliy maʼlumot olish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Iqtidorli talabalar bilan muloqot oʻquvchilarda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Muloqotlar davomida Prezident va nomli davlat stipendiyalari, turli tanlovlar, grantlarni qayta taqsimlash tartibi, xalqaro aloqalar xususida ham atroflicha soʻz yuritildi.