Shu yilning 20–25-aprel kunlari Qarshi davlat texnika universitetida Malayziyaning nufuzli Petronas texnologiyalar universiteti (UTP) bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida “Salom Qarshi” shiori ostida talabalar almashinuv dasturi boʻlib oʻtmoqda.

Hafta davomida delegatsiya aʼzolari Qarshi davlat texnika universiteti talabalari bilan birgalikda, innovatsion muhandislik yechimlari boʻyicha seminarlarda ishtirok etishmoqda, hududdagi yirik sanoat korxonalari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishmoqdalar va albatta ikki davlat yoshlari oʻrtasida madaniy muloqotni mustahkamlashmoqda.

Professor Mohd Dzul Hakim Bin Wirzal boshchiligidagi 20 nafar malayziyalik talabalardan iborat delegatsiya Qashqadaryo vohasida nafaqat taʼlim, balki muhim ijtimoiy loyihani ham amalga oshirdi.

Malayziyalik talabalardan saxovatli loyiha: Qarshi tumanidagi “Gulshan” mahallasida toza ichimlik suvi chiqarildi

Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti (UTP) talabalari Qarshi davlat texnika universiteti bilan hamkorlik doirasida Qarshi tumanidagi "Gulshan" mahallasida xayrli tashabbusni amalga oshirdilar.

Loyiha 20 nafar malayziyalik talabaning shaxsiy tashabbusi va oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirildi. Mahallada ekologik toza va tejamkor quyosh panellari oʻrnatildi. Natijada quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan nasoslar orqali yer ostidan ichimlik suvi chiqarilib, mahalla ahlining uzoq yillik muammosi hal etildi. Mahalla aholisining yashash sharoitini yaxshilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining afzalliklari amalda koʻrsatib berildi.

Ushbu loyiha ikki davlat yoshlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash bilan birga, talabalarning ijtimoiy masʼuliyatini ham namoyish etdi. Malayziyalik mehmonlar nafaqat nazariy bilim almashish, balki "yashil energiya" texnologiyalarini qoʻllash orqali mahalla aholisiga real foyda keltirdilar.

Maʼlumot uchun: Ushbu tashrif Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va "yashil" texnologiyalarni keng yoyishga xizmat qiladi.