Bugun Qarshi davlat texnika universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Dastlab Qashqadaryo viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari huzurida faoliyat yuritayotgan ilmiy kengashlar raislari hamda ilmiy kotiblari bilan muloqot tashkil etildi. Suhbat davomida viloyatda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining sifati yuqori boʻlayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, yosh olimlarning ilmiy faolligi ortib borayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda dissertatsiya ishlariga qoʻyiladigan talablar, ilmiy tadqiqotlar sifati va tizimni raqamlashtirishning istiqbollari xususida atroflicha fikr almashildi. Shu bilan birga, ilmiy kengashlar raislari va ilmiy kotiblari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tinglandi.

Tashrifning ikkinchi qismi yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida davom etdi. "Yoshlar kuni" munosabati bilan tashkil etilgan bu uchrashuvda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilar, yosh olimlar hamda magistrantlar ishtirok etdilar.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda yoshlarni qiziqtirayotgan qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, Oliy attestatsiya komissiyasi tizimini raqamlashtirish, dissertatsiya himoyalarining shaffofligini taʼminlash, inson omilini kamaytirish hamda ilmiy jarayonlarni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Tashrif doirasida Ahmadbek Yusupov fuqarolar bilan ham uchrashib, ularning murojaat va takliflarini tingladi.