Bugun Qarshi davlat texnika universitetida xitoylik olimlar ishtirokida uchrashuv va muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Mehmonlarlar - Xitoyning Tyanszin universiteti qoshidagi Materialshunoslik va muhandislik maktabi professori Long Ye, Nankin oʻrmon xoʻjaligi universiteti professori Ven Chjao Zao, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriya mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Vahobjon Quvondiqov dastlab universitet rahbariyati bilan suhbat oʻtkazdilar.

Muloqot davomida Qarshi davlat texnika universiteti va Qashqadaryoning energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi salohiyati, mutaxassislar tayyorlash istiqbollari haqida maʼlumot berildi.

Yosh olimlar bilan uchrashuvda xorijlik professorlar oʻzlarining ilmiy tadqiqot ishlarining taqdimotini oʻtkazdilar. Oʻzaro hamkorlik yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar. Birgalikda ilmiy loyihalar tanlovlarida ishtirok etish, talabalar va oʻqituvchilarning akademik almashinuvi kabi masalalar keng muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmonlar Energetika muhandisligi fakultetidagi “Muqobil energiya manbalari” ilmiy-oʻquv poligonida ham boʻldilar.

Maʼlumot oʻrnida: Qarshi davlat texnika va Tyanszin universitetlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida professorlar Sherzod Neʼmatov va Long Ye tomonidan Oʻzbekiston-Xitoy tanloviga organik quyosh elementlarini yaratish muammolariga bagʻishlangan loyiha taqdim qilindi. Shuningdek, ularning hammuallifligida dunyodagi eng nufuzli ilmiy nashrlardin biri, impakt faktori 60 dan yuqori boʻlgan “Nature Energy” jurnalida 2 ta ilmiy maqola eʼlon qilindi.

Kelgusida Xitoydagi yetakchi universitetlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, yosh olimlar va tadqiqotchilarga xitoylik salohiyatli professor-oʻqituvchilardan ilmiy rahbarlar tayinlash kabi bir necha yoʻnalishlarda hamkorlik davom ettiriladi.