Qarshi davlat texnika universiteti va "TAT-COLA" xorijiy korxonasi oʻrtasida dual taʼlim yoʻlga qoʻyildi

Bugun Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Shahlo Ibragimova, Qarshi davlat texnika universiteti rektori Sherzod Neʼmatov va “TAT COLA” MChJ xorijiy kompaniyasi rahbari Ahmadshoh Mohammadi oʻrtasida kelgusidagi hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.

Mazkur memorandumda oʻquv-ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, taʼlim jarayonini integratsiyalash, hamkorlikda dual taʼlim va haq toʻlanadigan amaliyot ishlarini bajarish, buning uchun QarDTUning tegishli mutaxassis chiqaruvchi kafedralarining “TAT COLA” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasida filialini ochish uchun sharoitlar yaratish kabi maqsadlar oʻz ifodasini topgan.

Ushbu bitim ishlab chiqarishdagi muammolarni yechishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, magistrlik hamda doktorlik dissertatsiyalarini bajarish, ilmiy izlanuvchilar, yosh olimlar hamda iqtidorli talabalarning ilmiy texnikaviy va ixtirochilik takliflarini asoslash va ishlab chiqarishda qoʻllashi uchun imkon beradi.

Tadbir ishtirokchilari xorijiy korxona sexlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, bu universitet talabalarida katta taassurot qoldirdi.