Doktorantura imtihonlari: RASMIY MUNOSABAT

Doktorantura imtihonlari: RASMIY MUNOSABAT

Doktorantura imtihonlari: RASMIY MUNOSABAT

    Ayni shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, shaxsiy bloglarda respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida tayanch doktorantura (DSc) doktorantura (PhD), mustaqil izlanuvchilikka kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari noxolis oʻtkazilganligi haqida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

    Mazkur imtihonlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 304-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʻgʻrisida nizom,  Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda oliy taʼlim muassasasi rahbarining tegishli buyruqlari asosida maxsus komissiya tuzilgan holda oʻtkaziladi. Imtihon jarayoni toʻliq videotasvirga olinadi. Nomzodlarga imtihon oʻtkazish tartibi, ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi.

    Shu jihatdan olganda, Qarshi davlat texnika universitetida ham tayanch doktorantura (DSc) doktorantura (PhD), mustaqil izlanuvchilikka kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va tartiblar asosida oʻtkazildi. Komissiya tarkibi shu sohaning yetuk professor-oʻqituvchilaridan shakllantirildi. Tushuntirish ishlari olib borildi. Basharti nomzodlarda imtihon jarayonlari yuzasidan norozilik boʻlsa, murojaat qilish huquqi boʻyicha tushuncha berildi.

    Universitetda qabul jarayoni 15 ta ixtisoslik boʻyicha tashkil etildi. Tayanch doktorantura (PhD) uchun 87, doktorantura (DSc) uchun bir nafar – jami 88 nafar talabgor tomonidan hujjatlar taqdim etildi.

    Mustaqil izlanuvchilik asosida 8 ta ixtisoslik boʻyicha tayanch doktorantura (PhD) uchun 21, doktorantura (DSc) uchun 1 – jami 22 nafar talabgor tomonidan hujjatlar taqdim etildi.

    Universitetda 2026-yil uchun tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) va mustaqil izlanuvchilikka kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari tasdiqlangan grafik asosida 2025-yil 17-22-noyabr kunlari tayanch doktoranturaga mutaxassislik fanlaridan yozma imtihon hamda mustaqil izlanuvchilikka suhbat jarayonlari shaffoflikni taʼminlash maqsadida videokuzatuv (onlayn translyatsiya) asosida tashkil etildi.

    Imtihon natijalari boʻyicha 06.01.08–Oʻsimlikshunoslik ixtisosligi boʻyicha 2 nafar, 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi ixtisosligi boʻyicha 1 nafar – jami 3 nafar talabgor appelyatsiya arizasi bilan murojaat qildi.  Mazkur murojaatlar tasdiqlangan appelyatsiya komissiyasi tomonidan oʻrganib chiqildi va qanoatlantirildi.

    Qabul natijalariga koʻra, 15 ta ixtisoslik boʻyicha tayanch doktorantura (PhD) uchun 37 nafar, doktorantura (DSc) uchun bir nafar talabgor oʻqishga tavsiya etildi.

    Suhbat natijalariga koʻra, 8 ta ixtisoslik boʻyicha mustaqil izlanuvchilik asosida doktorantura (PhD)ga 19 nafar, doktorantura (DSc) uchun bir nafar talabgor mustaqil izlanuvchilikka tavsiya etildi.

    Qabul natijalari universitet Kengashining 2025-yil 28-noyabrdagi 4-sonli qarori bilan tasdiqlangan.