Ayni shu kunlarda Berlin shahrida Oʻzbekiston-Germaniya oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur nufuzli anjumanda universitet rektori Sherzod Neʼmatov va registrator ofisi boshligʻi Dilshod Roʻzmanov ham ishtirok etmoqdalar.

Forum doirasida universitetimiz va Germaniyadagi AVESTOS GmbH xalqaro kompaniyasi hamda Drezden texnika universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Mazkur bitimlarga koʻra, Drezden texnika universiteti bilan hamkorlikda professor-oʻqituvchilar uchun malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashinuvini tashkil etish, germaniyalik mutaxassislarni universitetimiz taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb etish, birgalikda ERASMUS+ CBHE dasturi doirasida qoʻshma loyihalar tayyorlash belgilandi.

AVESTOS GmbH xalqaro kompaniyasi bilan esa universitetimizda nemis tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish va talabalarimizni Germaniyada haq toʻlanadigan amaliyot dasturiga tayyorlash boʻyicha hamkorlik qilinadi.