Professor-oʻqituvchilarimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari davom etmoqda.

Xabaringiz bor, universitetimiz vakillari – Shavkat Nasimov, Adham Norqobilov, Abbos Elmanov va Roʻzimurod Joʻrayev Anhui texnologiya universitetida malaka oshirmoqdalar.
Vakillarimiz tomonidan universitetning Kimyo va kimyoviy texnologiya hamda Mexanika muhandisligi fakultetlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, qoʻshma ilmiy loyihalar va laboratoriya tadqiqotlari, magistratura va doktorantura yoʻnalishlarida ilmiy rahbarlik hamda qoʻshma ilmiy seminarlar, xalqaro grantlar doirasida hamkorlikda loyiha tayyorlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Talabalar amaliyoti va qisqa muddatli akademik mobillik dasturlarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan yakdil fikrlar bildirildi. Shuningdek, uchrashuv yakunida kelgusida hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda amaliy ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Qarshi davlat texnika universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish orqali taʼlim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish, amaliy tadqiqotlar koʻlamini oshirish hamda yoshlarning xalqaro tajriba orttirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.