Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar!
Qadrli talaba-yoshlar!
Barchangizni Bosh qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun mamlakatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish borasidagi xayrli ishlar, taʼlim sifati va samaradorligining tobora yuksaltirilishi, shuningdek, barcha sohalarning jadallik bilan rivojlanishi, hech shubhasiz, Konstitutsiyada belgilangan normalarning davlatchilikka asoslagani va xalqchil ekanligiga dalolatdir.
Bu yil ham Konstitutsiya kunini yangicha ruhda, zoʻr kayfiyatda nishonlamoqdamiz. Sababi, yangilangan Bosh qonunimizda inson manfaatlari, qadr-qimmati va shaʼnini ulugʻlash, himoya qilish davlat siyosati darajasidagi masalaga aylangani eʼtiborga molik. Masalan, birgina 52-moddani olaylik. Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi bayon qilindi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik koʻrsatishi alohida belgilab qoʻyildi.
Sir emaski, soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlimning barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar yuz berdi. Oliy taʼlim muassasalari faoliyatidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi yanada jadallashdi, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik koʻlami kengaydi, yangi yoʻnalishlar soni ortdi. Ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlar izchil yoʻlga qoʻyildi.
Azizlar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni Bosh qonunimizning 33 yilligi, Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor tabriklayman!
Yurtimiz osmoni hamisha musaffo boʻlsin. Oʻqish, izlanish, yangilikka intilish, yuksak marralarni zabt etish yoʻlidagi mehnatingiz, saʼy-harakatingiz hamisha barakotli boʻlishini Yaratgandan soʻrab qolaman.
Bayramingiz muborak boʻlsin!
Hurmat bilan,
Sherzod Neʼmatov,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori