Universitet rektori Sherzod Neʼmatov hamda “Kimyo muhandisligi va biotexnologiya” kafedrasi professori Murod Samadiy Xitoyda oʻtkazilayotgan Kasb almashinuvi boʻyicha xalqaro anjumanda ishtirok etmoqdalar.
Anjuman doirasida Qarshi davlat texnika universiteti va Xitoyning Shimoli-gʻarbiy politexnika universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bugun anjuman dasturiga muvofiq, rektor Sherzod Neʼmatov “Kelajakda texnik universitetlarni global boshqarish” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruzada geologiya, neft‑gaz, kimyo texnologiyasi, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar kabi sohalarda zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega muhandis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakalarini oshirish boʻyicha hamkorlik haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, Qashqadaryoning turizm imkoniyatlar, sanoati va oliy taʼlim muassasalari, xususan Qarshi davlat texnika universitetining ilmiy salohiyati, istiqboldagi rejalar haqida ham keng maʼlumot berildi.

Rektor Sherzod Neʼmatov oʻzaro hamkorlik boʻyicha muhim takliflarni bildirdi. Jumladan, Qarshi davlat texnika universiteti va Xitoy oliygohlari oʻrtasida amaliy hamkorlik oʻrnatish, professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini Xitoyda amalga oshirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish hamda buning uchun moslashtirilgan oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqishga doir fikrlarni aytib oʻtdi. Bundan tashqari, muhandislik va fan sohalarida qoʻshma magistratura dasturlarini amalga oshirish taklifi aytildi.