Muborak tumanida universitetimiz jamoasi tomonidan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Ayni shu kunlarda Qoraqum va Yashnaobod mahallarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan bunyod etilgan artezian quduqlari hamda xonadonlarda oʻrnatilgan quyosh panellarining ishlash jarayonlari va koʻrsatkichlari oʻrganilmoqda.

Universitetga biriktirilgan Qoraqum va Yashnaobod mahallalarida prorektor Gʻ.Uzoqov boshchiligida “Elektr ta’minoti va intellektual energetik tizimlar” kafedrasi mudiri A.Norboyev va “Energetika muhandisligi” kafedrasi mudiri X.Davlonov, mahalla raislari M.Ziyodullayev va S.Keldiyorov kam taʼminlangan aholi xonadonlarida oʻrnatilgan quyosh panellarini koʻzdan kechirdilar va toʻgʻri foydalanish boʻyicha tavsiyalar berdilar. Ushbu mahallalarda 2 ta artezian qudugʻi va 4 ta xonadonga quyosh panellari oʻrnatilgan.
Qoraqum mahallasida 2 ta xonadondagi quvvati 3 kilovatt boʻlgan quyosh panellari, artezian quduqqa oʻrnatilgan 15 kilovatt quvvatli quyosh fotoelektr qurilmalari mahalla raisi ishtirokida monitoring qilindi va mutaxassis olimlar tomonidan maslahatlar berildi.

Yashnaobod mahallasidagi xonadonda oʻrnatilgan 3 kilovatt quvvatli quyosh paneli, shu mahalladagi artezian qudugʻini ishlatish uchun foydalanilayotgan 15 kilovattli quyosh fotoelektr stansiyasi boʻyicha ham mahalla raisiga tegishli yoʻl-yoʻriqlar tushuntirildi. Shuningdek, mazkur mahalladagi QarDTU tomonidan qoʻyilgan biogumus qurilmasi qayta tekshiruvdan oʻtkazilda va samaradorligi tahlil qilindi.