Qarshi davlat texnika universitetining 4-bosqichida tahsil olayotgan, ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishi yuqori bo‘lgan talaba Mashhura Ikromova bugungi kunda o‘zining izlanuvchanligi, muhandislikka bo‘lgan qiziqishi hamda zamonaviy texnologiyalarga intilishi bilan ajralib turadi. Uning faoliyati yangi gʻoyalar yaratish, amaliy loyihalar ustida ishlash va energetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan eʼtibor qozonmoqda. Ana shunday tashabbuslarning yorqin namunalaridan biri "Smart Load Monitoring System" innovatsion loyihasidir.
"Innovator" jurnali bilan Qarshi davlat texnika universiteti o‘rtasidagi hamkorlik yillar davomida mustahkam ijodiy va ma’naviy ko‘prikka aylandi. Ayniqsa, universitetimizda o‘zining innovatsion g‘oyalari, ilmiy ishlanmalari va tashabbuslari bilan ajralib turgan yoshlarning jurnal sahifalari orqali keng jamoatchilikka taqdim etilayotgani biz uchun katta ahamiyatga ega.

Eng quvonarlisi, talabalarimiz o‘zlari haqidagi maqolalarni chiroyli suratlari bilan jurnal sahifalarida ko‘rganida, ularning ilmga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi yanada ortayotganini sezamiz. Bu ularga nafaqat motivatsiya beradi, balki katta mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki har bir yosh o‘z tengdoshlari orasida munosib namuna bo‘lish, bilim va intilishi bilan ajralib turish hamda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni istaydi.
Bu esa biz uchun eng katta yutuq. Chunki ilmga qiziqqan, tashabbuskor va faol yoshlar har qanday jamiyatning eng katta boyligidir.
Sherzod Neʼmatov,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori
____________________________________________________________________
Qizlar ham texnik bo‘lishadimi?
Bu savolni koʻpchilik berishgan. Texnika sohasi men uchun shunchaki tanlov emas, balki bolalik orzularim va hayotiy maqsadlarimning mantiqiy davomidir. Texniklar oilasida voyaga yetganman. Dadam energetika sohasida faoliyat yuritganliklari sababli uyimizda texnika, elektr tizimlari va muhandislik sohasiga doir suhbatlar doimo qizg‘in kechardi. Balki aynan shu jarayonlar mening dunyoqarashimni shakllantirgandir.
Yoshligimdanoq bir savol menga tinchlik bermasdi: “Texnika sohasida qizlar nega kam uchraydi?”, “Nega ular texnika sohasini egallashi mumkin emas?” Shu kabi savollarimga javob tariqasida oldimga katta maqsad qo‘yganman va o‘zimga: “Albatta, texnika sohasining yetuk mutaxassisi bo‘laman”, deb va’da berganman. Eng quvonarlisi, oilam bu qarorimni har doim qo‘llab-quvvatlab keldi va menga ishonch bildirdi. Shunday qilib, Qarshi davlat texnika universitetiga hujjatlarimni topshirdim.
Bugun esa bu orzular asta-sekin haqiqatga aylanmoqda. Hozirda nafaqat ta’lim olyapman, balki Uzbekistan GTL zavodi hamda Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlarining kadrlar zaxirasiga kiritilganman. Bu esa kelajakda ushbu yirik korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lishim, mening bilim va salohiyatim mutaxassislar tomonidan munosib baholanayotganini anglatadi.
Har bir xonadonda "aqlli uy" xizmat qilsin
Men har doim o‘z uyimni zamonaviy "aqlli uy" tizimlari kabi qulay, samarali va avtomatlashtirilgan holda boshqarishni orzu qilganman. Elektr energetikasi yo‘nalishida tahsil olayotganim sayin esa bir savol tobora ko‘proq o‘ylantira boshladi: "Nega bunday tizimni faqat tayyor holda qabul qilish kerak? Axir uni o‘zimizga moslashtirishimiz mumkin-ku?" Aynan shu fikr menda ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.
Shu tariqa oddiy istak asta-sekin nazariy bilimlar va amaliyot uyg‘unligida shakllangan ilmiy g‘oyaga aylandi.
Izlanishlarim, o‘rganishlarim va tajribalarim natijasida esa “Smart Load Monitoring System” loyihasi vujudga keldi. Bu loyiha men uchun faqat texnik yechim emas, balki shaxsiy qiziqish, kasbiy rivojlanish va kelajakdagi orzularimni birlashtirgan muhim bosqich hisoblanadi.
Bu qanchalik muhim?
“Smart Load Monitoring System” loyihasining eng katta yangiligi uning shaffoflik, aniqlik va moslashuvchanlik tamoyillariga asoslanganidadir. Ushbu tizim orqali foydalanuvchi nafaqat umumiy elektr sarfi, balki har bir elektr qurilmasi qancha energiya va mablag‘ sarf qilayotganini ham real vaqt rejimida aniq ko‘ra oladi. Bu esa energiya iste’molini boshqarishda yangi yondashuvni shakllantiradi.
Loyihaning yana bir muhim afzalligi iqtisodiy shaffoflik hisoblanadi. Tizim har bir qurilma sarflayotgan elektr energiyasini pul birligida ko‘rsatadi. Natijada foydalanuvchi ortiqcha xarajatlarni aniq anglab, energiyani tejash bo‘yicha oqilona qaror qabul qila oladi. Shuningdek, loyiha masofaviy boshqaruv imkoniyatiga ega. Mobil ilova orqali dunyoning istalgan nuqtasidan uy yoki ishxonadagi elektr jihozlarini nazorat qilish, ularni yoqish yoki o‘chirish mumkin.
Eng muhim jihatlardan biri – tizimning universalligi. Uni o‘rnatish uchun, albatta, yangi bino bo‘lishi shart emas. "Smart Load Monitoring System"ni mavjud eski inshoot va uy-joylarga ham oson moslashtirib o‘rnatish mumkin. Shu orqali loyiha nafaqat innovatsion, balki amalda qo‘llash uchun ham juda qulay yechim bo‘lib xizmat qiladi.
Yutuqlar va eʼtiroflardan mamnunman
“Smart Load Monitoring System” loyihasi qisqa vaqt ichida bir qator muhim sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi va mutaxassislar tomonidan munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xususan, Fanlar akademiyasining "Evrika" tanlovida "Yosh olima ayollar" yo‘nalishi bo‘yicha respublika miqyosida kuchli 10 talikka kirdim. "Mirzo Ulug‘bek vorislari" tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim va "Yosh muhandis" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ham hakamlar tomonidan munosib e’tirof etildim.
Bundan tashqari, loyiha viloyat hokimligi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, uni Qashqadaryo viloyati hududida amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Eng muhim yutuqlardan biri shundaki, loyiha Yoshlar venchur jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilib, ishlab chiqarish bosqichiga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

Bashorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi
Loyihani takomillashtirish borasida ham bir qator yangi yoʻnalishlar ustida ish olib borilmoqda. Hozirgi kunda tizimga sun’iy intellekt asosida bashoratlash (Predictive Analytics) funksiyasini joriy etish ustida izlanishlar davom etmoqda. Ushbu yangilik orqali qurilma foydalanuvchining kundalik energiya iste’mol odatlarini tahlil qilib, kelgusi oy uchun taxminiy xarajatlarni aniq hisoblab beradi va shaxsiy byudjetni rejalashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, loyihaning texnik imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida uning oʻlchamlarini ixchamlashtirish hamda sanoat korxonalari uchun mo‘ljallangan yuqori kuchlanishli versiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Bu esa loyihani nafaqat maishiy, balki yirik sanoat tizimlarida ham qo‘llash imkoniyatini yaratadi.

Orzulari osmon qizman
Kelajakda mening eng katta orzum nafaqat malakali muhandis va olima sifatida yetishish, balki o‘z shogirdlariga ega bo‘lgan, ilhom bera oladigan ustozga aylanishdir. Men ilm va amaliyot uyg‘unligini birlashtirgan holda, "Innovatsion muhandislik maktabi"ni tashkil etishni niyat qilganman.
Ushbu maktab orqali yoshlar faqat nazariy bilim olib qolmasdan, balki real loyihalar ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalarni yaratish va innovatsion fikrlash madaniyatini shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, yurtimiz energetika tizimini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviylashtirish ham asosiy maqsadlarimdan biri. Men ishonamanki, mahalliy mutaxassislar tomonidan yaratilgan "Made in Uzbekistan" belgisi ostidagi aqlli tizimlar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro bozorda ham o‘z o‘rnini topa oladi.
Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi.
("Innovator" jurnalining 2026-yil 3-sonidan olindi)