Bugun Qarshi davlat texnika universitetiga Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar tashrif buyurdi.

Uchrashuvda universitet rektori Sherzod Neʼmatov, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.


Muloqot davomida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqining uzoq yillik hamkorligi, istiqboldagi rejalar, maqsadlar haqida soʻz bordi. Ayniqsa Erasmus+ dasturi doirasida oʻnlab loyihalar amalga oshirilayotgani, yosh olimlar va talabalarning stajirovka va amaliyotlarining Yevropaning nufuzli universitetlarida oʻtkazilayotgani eʼtirof etildi.


Oʻz navbatida, universitet rahbariyati tomonidan bir necha takliflar ham bildirildi. Jumladan, universitetda “Ilgʻor muhandislik maktabi”ni tashkil etishda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi universitetlari tajribasini joriy qilish muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
Bundan tashqari, “yashil” energiya, ichimlik suvi bilan taʼminlash, ekologiya, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, organik qishloq xoʻjaligi, chorvachilik sohalarida Yevropadagi ilgʻor kompaniyalar, fondlar va ilmiy markazlarni jalb etishda hamkorlik muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.

Uchrashuv qizgʻin muloqot ruhida oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari Janob Toyvo Klaarga savollar bilan murojaat qildilar, Erasmus+ dasturida malaka oshirish grantlarini tashkil etish boʻyicha ham oʻz mulohazalarini bildirdilar.