OʻQITUVCHI – MAʼRIFAT QUYOSHI

OʻQITUVCHI – MAʼRIFAT QUYOSHI

OʻQITUVCHI – MAʼRIFAT QUYOSHI

    Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar!
    Bugun qalblarimiz faxr, shukronalik va cheksiz ehtirom tuygʻulariga toʻlgan ajoyib bir ayyom – 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan Sizlarni, oʻz hayotini dunyodagi eng sharafli va masʼuliyatli ishga – inson qadrini yuksaltirish, yoshlar qalbiga ilm va texnologiya ziyosini singdirishga baxsh etgan Siz azizlarni chin qalbimdan muborakbod etaman!

    Maʼrifatparvar ajdodimiz Mahmudxoʻja Behbudiy aytganlaridek: "Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas". Biz bugun Yangi Oʻzbekiston poydevorini qurayotgan ekanmiz, bu ulugʻvor binoning asosiy ustuni, harakatlantiruvchi kuchi, hech shak-shubhasiz, Siz – jonkuyar, fidoyi ustozlar va Sizning yuksak intellektual salohiyatingizdir.

    Prezidentimiz eʼtirof etganlaridek, oʻqituvchi – mehr daryosi, oʻqituvchi – ezgulik bulogʻi, oʻqituvchi – maʼrifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan maʼrifat va ezgulik urugʻining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand boʻladi.

    Aziz ustozlar!

    Sizning benazir xizmatingiz, mehnatingiz, hatto tortgan zahmatingiz besamar ketayotgani yoʻq. Shogirdlaringiz, Sizdan taʼlim olgan minglab yoshlar mamlakatimiz iqtisodiyoti, sanoati va qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotganidan faxrlansangiz arziydi.

    Ushbu quvonchli ayyomda barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy xotirjamlik, tuganmas kuch-gʻayrat va ijodiy zafarlar tilayman.

    Bayramingiz yana bir bor muborak boʻlsin!

Sherzod Neʼmatov,

Qarshi davlat texnika universiteti rektori