Qarshi davlat texnika universiteti xitoyning yetakchi universitetlari va kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.

Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi ishtirokida Xitoy Xalq Respublikasining Xefey shahridagi Savdo departamentida oliy taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va investitsiya sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Mazkur uchrashuvlarda Qarshi davlat texnika universitetining xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Ibrat Ismoilov va prorektor yordamchisi Laziz Omonov Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va yirik kompaniyalari masʼullari bilan muzokaralar oʻtkazmoqdalar.

Xefey texnologiya universiteti va Anxoy universiteti rahbariyati bilan kechgan muloqotlarda talabalar va professor-oʻqituvchilarning akademik mobilligini kengaytirish, sunʼiy intellekt, axborot texnologiyalari va muhandislik yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, xalqaro ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, “Hefei High-tech Investment Promotion Group”, “Zhengde Human Resources”, “Anhui Xinhua Education Group”, “Anhui Construction Engineering Group” hamda “Sungrow Power Supply” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlarda yuqori texnologiyalar, energetika, muhandislik, investitsiyalar va zamonaviy kasblar uchun kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Muzokaralarda manfaatdor oliy taʼlim muassasalari va kompaniyalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tashabbuslarni aniq amaliy loyihalarga aylantirish hamda kelgusidagi hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Mazkur xizmat safari Qarshi davlat texnika universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, Xitoyning ilgʻor ilmiy-texnologik tajribasini taʼlim va tadqiqot jarayonlariga integratsiya qilish hamda universitetning xalqaro ilmiy va akademik nufuzini yanada mustahkamlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.