Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan muloqotida sportga qiziquvchilarni aniqlash, ularni xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalar va olimpiada oʻyinlarida ishtirok etishiga koʻmaklashish bilan bogʻliq tashabbuslar ham eʼtirof etilgan edi.

Yigʻilishda bildirilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun viloyatdagi sport federatsiyalari bilan hamkorlikni oʻrnatishga bagʻishlangan muloqot oʻtkazildi.

Tadbirda universitet rahbariyati hamda “Jismoniy tarbiya va sport” kafedrasi professor-oʻqituvchilari, shaxmat, yengil atletika, para sport, dzyudo, voleybol, futbol, qoʻl toʻpi, tennis federatsiyalari vakillari ishtirok etdilar.

Muloqot davomida sport sohasida yoshlar oʻrtasida iqtidorli va isteʼdodli sportchilarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda yuqori natijalarga erishishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, talabalarni sportga keng jalb etish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport toʻgaraklari va musobaqalarni muntazam oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbirda sport federatsiyalari va universitet oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqtidorli talabalarni saralab olish va ularni professional sportga yoʻnaltirish, xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarga tayyorlash yuzasidan ham fikr almashildi.
