Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti faollar zalida “Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Qarshi shahar hokimligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining talabalar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida shahar hokimi Normoʻmin Xolboyev, shahar prokurori Sobirjon Temirov, shahar IIO FMB boshligʻi Farruh Ibrohimov, shahar soliq inspeksiyasi boshligʻi Aʼzam Hamidov hamda rektor Sherzod Neʼmatov mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va xorijiy tillarni oʻrganishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida eʼtirof etdilar.

Shuningdek, talabalar bandligini taʼminlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik holatlari tahlil qilinib, ularning oldini olish boʻyicha fikrlar almashildi.

Muloqot davomida yoshlar dual taʼlimni rivojlantirish, amaliyotlarni hokimlik tizimi va nufuzli korxonalarda oʻtkazish, Qarshi shahrida shaxmat boʻyicha xalqaro turnirlarni koʻproq tashkil etish, agroturizmni yoʻlga qoʻyish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdilar. Muhim startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berildi.

Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda oʻtdi. Yoshlarning faolligi va tashabbuskorligi qoʻllab-quvvatlanib, bunday muloqotlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Tadbirda yosh olimlar va iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlari natijalari hamda hunarmandchilik toʻgaragida tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil qilindi.