JAMIYAT, MAHALLA VA UNIVERSITET ularni ezgu maqsadlar birlashtiradi

JAMIYAT, MAHALLA VA UNIVERSITET ularni ezgu maqsadlar birlashtiradi

JAMIYAT, MAHALLA VA UNIVERSITET ularni ezgu maqsadlar birlashtiradi

    Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida yangi yilga "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb nom berish taklifi yakdillik bilan maʼqullandi. Inchunin, mahalla azal-azaldan milliy qadriyatlar beshigi, oʻzligimiz qoʻrgʻoni boʻlib kelgan. Vatan ostonadan boshlangani kabi, mahallaning taraqqiyoti mamlakat rivojining poydevori boʻladi.

    Murojaatnomada soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Erishilgan natijalar, koʻrsatkichlar sohalar kesimida sarhisob etildi. Yangi, ustuvor vazifalar belgilab berildi. Albatta, bu maqsadlar universitetimiz hayotida ham muhim ahamiyatga ega. Zero, iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish davr talabiga aylanmoqda.

Bitiruvchining bandligi — muhim masala

    Prezidentimiz tomonidan Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli Abuda universiteti boshqaruviga berishga qaror qilingani, yurtimizda Yaponiyaning Sukuba milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar boʻyicha yangi oliygoh tashkil etilishi taʼkidlab oʻtildi. Bu oliy taʼlim tizimida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Natijada dunyodagi nufuzli universitetlar bilan ilm-fan yoʻnalishidagi aloqalar koʻlami va geografiyasi yanada kengayadi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Abuda universiteti bizning koʻp yillik hamkorimiz hisoblanadi. Professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik almashinuvi, xalqaro anjumanlarni tashkil etish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda samarali faoliyat yuritib kelmoqdamiz. 2025-yilning 13-14-noyabr kunlari mazkur universitetda "Markaziy Yevropada hayotiy ahamiyatga ega infratuzilmani muhofaza qilish" mavzusida VII xalqaro konferensiya  boʻlib oʻtdi. Eʼtiborli jihati, Qarshi davlat texnika universiteti mazkur nufuzli xalqaro tadbirning tashkiliy qoʻmitasi aʼzolari roʻyxatiga kiritildi.

    Murojaatnomada oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratilishi ham qayd etildi. Bu tizim talabalarning akademik koʻrsatkichlari va korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni "onlayn" kuzatish imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, sohada raqamli texnologiyalarni qoʻllash koʻlamini yanada oshiradi. Mazkur ekotizim korrupsion holatlarga barham beradi. Bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni tanlab olish imkoniyatini yaratadi.

    Umuman olganda, har bir sohani raqamlashtirishni, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shu tomondan olganda, soha uchun yetuk kadrlarni tayyorlab    berish masʼuliyati yangicha fikrlashni, oʻquv dasturlarimiz va taʼlim yoʻnalishlarimizni dunyoning nufuzli universitetlari dasturlari asosida takomillashtirish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Bu borada universitetimizning Yangi Oʻzbekiston va I.M.Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.

Kambagʻallikdan — farovonlik sari

    Yangi yilga berilgan nomdan ham anglash mumkinki, mahalla oʻzgarishlar va yangilanishlar manziliga aylanadi. Puxta oʻylangan reja, aniq maqsad va amaliy saʼy-harakatlar natijasida yurtimizda kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla "kambagʻallikdan xoli" hududga aylandi.

    2025-yilda universitetimiz professor-oʻqituvchilari tomonidan "Kambagʻallikdan farovonlik sari" dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Muborak tumanidagi Qoraqum va Yashnaobod mahallarida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirildi. Kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlar sonini kamaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqildi, tomorqa madaniyatini yuksaltirishga doir targʻibot ishlari olib borildi. Yerdan unumli foydalanish yuzasidan seminarlar oʻtkazildi. "Yashil xonadon" loyihasi hayotga tatbiq etildi.

    Xuddi shu kabi saʼy-harakatlar Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida ham boshlab yuborildi. Mahalladagi muammolar yuzasidan olimlarimiz tomonidan ilmiy asoslangan yechimlar taklif etilmoqda. Aholi oʻrtasida seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

    Mahalla — taraqqiyot pillapoyasi. Prezidentimiz taʼbiri bilan   aytganda, mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Uning rivojiga hissa qoʻshish oʻzini shu  yurtning farzandi deb bilgan har  bir kishi uchun ham farz, ham qarz.

    Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, biz ham oʻz oldimizga yangi maqsadlarni qoʻydik. Birinchi navbatda, mahalla instituti bilan hamkorligimizni muhim bosqichga olib chiqamiz. Yosh olimlarimiz va magistrlarimizning ilmiy tadqiqot ishlari mavzulari mahallalardagi muammolar yechimlariga qaratiladi. Taʼlim yoʻnalishlarimizni qishloq va mahallalardagi ehtiyojdan kelib chiqib belgilaymiz. Mahalla yoshlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularni oliy taʼlimga jalb etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshiriladi. Xorijiy tillar va sunʼiy intellekt boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi. Bu saʼy-harakatlar ertaga talabalar bandligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolarga barham beradi. Mahallani raqamlashtirish, odamlar uchun koʻplab qulayliklarni yaratishda universitetimiz olimlarini yanada koʻproq izlanishga undaydi.

Imkoniyat, intilish va iqtidor

    Murojaatnomada taʼkidlab oʻtilganidek, 2025-yilda IT, fintex, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlardagi mahalliy startaplarga xorijdan 270 million dollar investitsiya jalb qilindi. Joriy yildan esa "Raqamli startaplar"   dasturi kengaytirilib, startap gʻoyadan to eksportgacha koʻmaklashadigan yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamgʻarmasidan besh yil muddatga    5 milliard soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Bu — katta imkoniyat.

    Bugun dunyo ahli sunʼiy intellektdan maqsadli foydalanib, katta natijalarga erishmoqda. Universitetimizda 2026-yilda professor-oʻqituvchilardan tortib, talabalargacha sunʼiy intellekt boʻyicha oʻqitiladi. Natijada sohani targʻib etish yuzasidan katta baza yaratiladi. Mahallalarda, tashkilot va muassasalarda oʻquv kurslari tashkil etiladi. 2025-yilda viloyat sudida va boshqa tashkilotlarda ana shunday oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.

    Oliygohlarning oʻzida qoladigan mablagʻlarning 10 foizi inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltirishi ham, yuqorida taʼkidlaganim, oʻquv kurslari boʻyicha imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Hozirda universitetimizda "yashil" energetika, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlarda yosh olimlar tomonidan 10 dan ortiq startap loyihalar ishlab chiqildi. Ularning prototiplari yaratilib, sinovdan oʻtkazilmoqda. Quyosh panellarini tozalovchi robot qurilmasi, sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan "aqlli" issiqxona shular jumlasidan. Fermer xoʻjaliklari samaradorligini baholash, prognozlash va ilmiy yechimlar taklif etishga ixtisoslashgan raqamli texnologiyalar ham izlanishlar samarasidir.

    Koʻrinib turibdiki, bizda zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish, hayotga tatbiq etish va rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Olimlarimiz va talabalarimizda yangilikka intilish kuchli. Demak, iqtidorlilar oʻz qobiliyatlarini koʻrsatishlari uchun maydon mavjud.

* * *

    Murojaatnomada yaqin yillarda nimalarga eʼtibor qaratishimiz, yangi rejalarni tuzishda qaysi jihatlar ustuvorlik kasb etishi taʼkidlab oʻtildi. Oʻylaymanki, bunda har bir sohaning muhim vazifalari birma-bir sanab oʻtildi. Prezidentimiz mahalla rivojlansa, jamiyat yuksalishini alohida qayd etdilar. Albatta, mahalla — bu Vatan. Yurt ravnaqiga hissa qoʻshish har birimizning burchimiz. Shunday ekan, jamiyat taraqqiyoti har birimizning fidoyiligimizdan, mehnatimizdan boshlanadi.

     Bir boʻlsak, yagona xalq, yagona millat boʻlib harakat qilsak, koʻzlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Men bu yoʻlda mard va olijanob xalqimizga ishonaman! Oʻzbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman! — dedi Prezidentimiz. Bu ishonch — aslida masʼuliyat. Oʻz iqtidorimiz va salohiyatimizni koʻrsata olish masʼuliyati. Odamlarning ogʻirini yengil qilish masʼuliyati. Ana shu ishonch bizga kuch beradi.

Sherzod NEʼMATOV,

Qarshi davlat texnika universiteti rektori