Professor-oʻqituvchilarimiz karbonat angidridni foydali uglevodorodlarga aylantirish boʻyicha tajribalar da qatnashmoqdalar.

Avval xabar berganimizdek, universitetimiz vakillari – Shavkat Nasimov, Adham Norqobilov, Abbos Elmanov va Roʻzimurod Joʻrayev Xitoy Xalq Respublikasining Anhui texnologiya universitetida malaka oshirmoqdalar. Bugun ular ishtirokida karbonat angidrid (CO₂)ni qimmatli uglevodorodlarga aylantirish boʻyicha amaliy tajribalar boshlandi. Tadqiqotlar mazkur universitetdagi “Kimyo va kimyoviy texnologiya” kafedrasining Geterogen kataliz laboratoriyasida professor Wenlong Wu rahbarligida olib borilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida CO₂ ni “yashil xomashyo”ga, yaʼni yuqori qoʻshimcha qiymatga ega uglevodorod birikmalariga aylantirish texnologiyalarini ishlab chiqish maqsad qilingan. Ushbu yoʻnalish nafaqat ekologik barqarorlik, balki “yashil iqtisodiyot”, “uglerod neytralligi” va “resurslardan samarali foydalanish” kabi zamonaviy iqtisodiy tamoyillarga ham toʻliq mos keladi.

Tajribalar davomida CO₂ ni qayta ishlash jarayonida geterogen katalizatorlardan foydalanish orqali energiya samaradorligi yuqori, iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh va sanoat miqyosiga mos texnologik yechimlar ishlab chiqilmoqda. Kelgusida bunday texnologiyalar kimyo sanoati, yoqilgʻi-energetika kompleksi va gaz-kimyo klasterlarida qoʻllanilishi, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda hududlarning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur stajirovka Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish va “bilimlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarning amaliy ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda. Olingan natijalar kelgusida qoʻshma ilmiy maqolalar, innovatsion loyihalar va tijoratlashtirishga yoʻnaltirilgan startap tashabbuslari uchun mustahkam ilmiy asos boʻladi.