Assalomu alaykum, hurmatli ustoz-murabbiylar!
Aziz talabalar!
Sizni jonajon yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi va yangi oʻquv yilining boshlanganligi bilan oʻzim va universitet rahbariyati nomidan chin qalbimdan tabriklayman! “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan bu ulugʻ bayram barchamizga muborak boʻlsin!
Fursatdan foydalanib, talabalik baxtiga muyassar boʻlgan aziz yoshlarimizni ham samimiy qutlaymiz.
Soʻnggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi oliy taʼlim tizimida ham yangilanishlar jarayoni kechmoqda. Jahonning nufuzli universitetlari bilan hamkorligimiz kuchaymoqda. Moddiy-texnik baza mustahkamlanmoqda. Yangi avlod darsliklari yaratilmoqda. Albatta, bu oʻzgarishlar Qarshi davlat texnika universiteti faoliyatida ham oʻz ifodasini topmoqda.
Talabalarimiz bir vaqtda robotlarni yigʻish boʻyicha Genniss rekordini yangilash tadbirida qatnashdilar. Kuni kecha Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakultetining 1000 oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi. Yana yaqin kunlarda 400 oʻrinli talabalar turar joyining ochilishi tadbirini oʻtkazamiz.
Oʻtgan soʻnggi bir yil oliygohimiz hayotida katta oʻzgarishlar, salmoqli yutuqlar, koʻplab muvaffaqiyatlar davri boʻldi. Ulardan eng muhimlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak.
Avvalo shuni aytishim kerakki, Prezidentimizning 2024 yil 10 dekabrdagi qarori asosida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi.
Sanoat issiqlik energetikasi ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorant Sevara Mirzayorova hamda Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabasi Sevinch Mahmutullayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi boʻldilar.
Yosh olimlarimizdan Bobur Toshmamatov “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Eʼtiborli jihati, mazkur mukofot tashkil etilganidan buyon viloyatimizdan unga sazovor boʻlgan olimlarning barchasi oliygohimiz oʻqituvchilari hisoblanadi.
Universitet tayanch doktoranti Sitora Hodiyeva Yoshlar kuni arafasida “Kelajak bunyodkori” medaliga sazovor boʻldi.
Yutuqlarimiz juda koʻp. Respublika miqyosida oʻtkazilgan turli tanlovlar, festivallar va xalqaro fan olimpiadalari gʻolibi, sovrindori boʻlgan oʻqituvchilarimiz va talabalarimiz safi tobora kengayib bormoqda.
Universitetning “Nihol” talabalar teatr studiyasi “Talabalar teatr studiyalari” festivalining respublika bosqichida 2-oʻrinni egalladi. Bosh rol ijrochisi – talabamiz Mansur Yormuhammedov “Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasida tengsiz, deb topildi.
Qarshi davlat texnika universiteti “Nuriston” akademik litseyi bilimdonlari oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” turnirining respublika bosqichi gʻolibi boʻldilar.
Azizlar!
Yutuqlarimiz haqida koʻp va xoʻb gapirish mumkin. Yangilanishlar zimmamizga yangi masʼuliyat va vazifalarni yuklaydi. Taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, “Kelajakka qadam” loyihasi, talabalar bandligi, xalqaro hamkorlik masalalari, dual taʼlim va masofaviy taʼlimni izchil yoʻlga qoʻyish kabi oʻnlab yoʻnalishlar boʻyicha talay maqsadlarimiz bor.
Yangi Oʻzbekistonimizni barpo etishda bir tan-u, bir jon boʻlib birgalikda olgʻa ildam qadam tashlaymiz va bundan-da buyuk marralarni zabt etamiz!
Bayramingiz yana bir bor muborak boʻlsin!
Sherzod Neʼmatov,
rektor