Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Qarshi davlat texnika universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Qashqadaryo filialining yangi, zamonaviy laboratoriyalarining ochilish marosimi doirasida imzolangan mazkur hujjat taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy talablarga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash hamda sohadagi dolzarb masalalarni ilmiy yondashuv asosida hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Memorandumda ilmiy-tadqiqot loyihalarida birgalikda ishtirok etish, oʻquv-metodik, ishlab chiqarish ishlarida oʻzaro ilmiy-amaliy tajriba almashish, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha dual taʼlim shaklida va masofaviy oʻqitishni tashkil etish kabi masalalar belgilangan.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov universitetimizda boʻlib, “Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi” (fab-lab) faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Hamkorlikning yangi istiqbollari va muhim rejalar muhokama qilindi.

Mazkur hamkorlik taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlash barobarida, talabalarning kelgusi kasbiy faoliyati uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni bevosita sohaning oʻzida egallashiga xizmat qiladi.