Qarshi davlat texnika universitetda “Zakovat” intellektual olimpiadasining shaxmat va shashka boʻyicha musobaqalarining universitet bosqichi – “Rektor kubogi” turnirlari ham qizgʻin bahslarga boy boʻldi.
Yigitlar bilan oʻtgan shaxmat taxtasidagi “janglar”da Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt fakulteti talabasi Javohir Shodiyevga teng keladigani topilmadi. Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabalari – Farhod Xayrullayev va magistrant Akobir Gulliyev esa keyingi oʻrinlardan joy oldilar.

Qizlar musobaqasi ham qiziqarli davom etdi. Bu oʻyinlarda kuchli uchlikning barcha oʻrinlarini Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabalari Feruza Qurbonova, Farangiz Musurmonova va Zuhra Muzropova egalladilar.

Shashka bellashuvlaridagi partiyalarning jozibasi ham shaxmatnikidan kam boʻlmadi. Shaxmatda boʻlgani kabi yigitlar bahsida chempion nomi yangilanmadi. Energetika muhandisligi fakulteti magistranti Suhrob Yarashev 1-oʻringa sazovor boʻldi. Irrigatsiya muhandisligi fakultetidan Ozodbek Ibrohimov ikkinchi, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt fakulteti talabasi Javlonbek Temuriy uchinchi oʻrinni egalladilar.

Shashkachi qizlar ham gʻalaba uchun jiddiy kurashdilar. Irrigatsiya muhandisligi fakulteti talabasi Sabrina Rahmonova turnir gʻolibi boʻldi. Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt fakulteti talabasi Sevinch Sherzodova 2-oʻrin bilan kifoyalandi. “Bronza” medal esa Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabasi Pokiza Murtozovaga nasib qildi.

Musobaqa gʻolib va sovrindorlariga kubok va diplomlar topshirildi.

Eʼtiborli jihati, shaxmat va shashka boʻyicha bosh sovrin – rektor kubogini bu gal ham Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabalari boshlari uzra baland koʻtarishga muvaffaq boʻldilar.