FABLAB – IQTIDORLAR UCHUN IMKONIYAT

FABLAB – IQTIDORLAR UCHUN IMKONIYAT

FABLAB – IQTIDORLAR UCHUN IMKONIYAT

    2025 yilning 21–24 iyul kunlari qozogʻistonlik Azamat Abdimoʻminov va hindistonlik Gaurav Agarval tomonidan Qarshi davlat texnika universitetida uchrashuvlar, muloqotlar va seminar-treninglar oʻtkazildi. Xoʻsh, ushbu tadbirlarning amaliy ahamiyati qanday boʻldi?

    Xorijiy ekspertlar ishtirokida ikki guruh respondentlardan, yaʼni QarDTU bitiruvchilari hamda 20 dan ortiq buyurtmachi korxonalar vakillarining fablabni qurish, tashkil etish, uning mazmun-mohiyati, vazifalari, ahamiyati boʻyicha taklif va xulosalari onlayn tarzda olindi, oʻrganildi va tahlil qilindi. Ana shu mulohazalar va xorijiy ekspertlarning takliflari asosida fablabning konsepsiyasi ishlab chiqildi.

    Yuqoridagi konsepsiyaga asosan tashkil etiladigan fablab 4 yoʻnalish boʻyicha faoliyat yuritishi belgilandi:

  1. Sanoat va energetika.
  2. Agroinnovatsiyalar.
  3. Lokal ishlab chiqarish.
  4. Xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash.

   

Mazkur yoʻnalishlar yosh olimlar va talabalarning ilmiy ishlanmalarini toʻgʻridan-toʻgʻri biznesga yoʻnaltirish, yoshlarning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy innovatsion faoliyatni rivojlantirish, “gʻoyadan – mahsulotgacha” tizimida mehnat qilish kabi asosiy maqsadlarni roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, fablab tadqiqotlar uchun ochiq maydon boʻlib, yosh olimlar va talabalarning gʻoyalari va ilmiy ishlanmalarining prototiplarini yaratish, gʻoyadan – mahsulotgacha tizimida ishlash koʻnikmalarini shakllantirish hamda tayyor mahsulotlarni bozorga biznes qilish uchun taqdim etish uchun xizmat qiladigan infratuzilma hisoblanadi.

    Xorijiy ekspertlar va universitet rahbariyati, kafedra mudirlari, yosh olimlar ishtirokida suhbatlar, seminarlar tashkil etildi. Ana shu tadbirlar natijasida oʻquv rejalarining tahlili, shu oʻquv rejalarining kelgusida amaliy faoliyat bilan bogʻliqligini moslash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Oʻzaro muloqotlar va fikr-mulohazalar asosida universitetda “Bilimlar markazi” tashkil etiladi. Shu maqsadda barcha professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va talabalar ORCID tizimida roʻyxatdan oʻtkazilmoqda. Bu orqali ularning ID raqamlari shakllantirilmoqda. Ushbu tizim ularning ilmiy tadqiqot ishlari va ilmiy-innovatsion faoliyatini dunyo miqyosida keng targʻib etishga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, hamkorlikda DSpase platformasi tashkil etiladi. Mazkur platformada professor-oʻqituvchilar va doktorantlarning ilmiy ishlanmalari va ilmiy maqolalari bazasi shakllantiriladi. Natijada bu tizim universitet salohiyati va nufuzi nafaqat respublikamizda, balki butun jahonda oshishiga yordam beradi. Bu faoliyat yoʻlga qoʻyilsa, Qarshi davlat texnika universiteti Oʻzbekistonda birinchi boʻlib ushbu yoʻnalishda ish olib borgan universitet boʻladi.

    Yuqoridagi konsepsiya asosini tashkil etilgan 4 yoʻnalishning har biri boʻyicha innovatsion loyihalar tanlovlari oʻtkaziladi. Mazkur tanlovlar Jahon taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladi.

    Xorijiy ekspertlar – Azamat Abdimoʻminov va Gaurav Agarval Qarshi shahridagi “Alp texno servis” korxonasida boʻlib, zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shahrisabz davlat pedagogika instituti va QarDTUning Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakultetlarida uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. Hunarmandlar faoliyati oʻrganildi.