Qarshi davlat texnika universiteti vakillari – “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasi mudiri Shahboz Turdiyev, “Neft-gaz ishi va ularni qayta ishlash texnologiyasi” kafedrasi mudiri Husan Neʼmatov hamda xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi v.b. Sohibnazar Omonov Malayziyaning Petronas texnologiya universitetida qisqa muddatli malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqdalar.

Stajirovka davomida delegatsiya aʼzolari neft va gaz muhandisligi yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun maʼruza mashgʻulotlarini oʻtdilar. Tajriba almashish boʻyicha uchrashuvlar tashkil etildi.

Petronas texnologiya universiteti rahbariyati bilan qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Xususan, kafedralar oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Kelgusida magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim (1+1) dasturini yoʻlga qoʻyish, Malayziya hukumati stipendiya dasturi doirasida qoʻshimcha kvotalar ajratish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mazkur tashrif ikki oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida muhim qadam boʻldi.