NAVOIYNI ANGLASH ZARURIYATI

NAVOIYNI ANGLASH ZARURIYATI

NAVOIYNI ANGLASH ZARURIYATI

    Buyuk shoir, adolatparvar davlat arbobi, turkiy tillar adabiyotining ilk asoschisi Alisher Navoiy g‘azallari, ruboiylari va to‘rtliklari yaratilganiga 500 yildan oshiqroq vaqt o‘tibdiki, o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmasdan, balki o‘zining yashirin maʼnosini zamon nafasiga mos holda yana-da yorqin namoyon etmoqda. Zamonlar o‘zgardi, insoniyat sivilizatsiyasi yangi, butunlay boshqa olam kashf etdi. Globallashuv, axborot asriga yetib keldik. Bugun yaratilgan ixtiro ertaga maʼnan eskirib, yaroqsiz bo‘lib qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, buyuk bobokolonimiz Alisher Navoiy g‘azallari nafaqat turkiy millatlar, balki butun dunyo xalqlari uchun zamona shioriga aylanib bormoqda.

    Masalan, birgina ushbu misralarga razm soling:

Odami ersang demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidan g‘ami.

    Navoiy davrida hali xalq bo‘lib birlashishga ulgurmagan olomonga aytilgan bu xitob bugungi kunda butun jahon xalqlari oldida turgan maqsadni ifoda etadi. To‘rtliklar tahlil qilinadigan bo‘lsa, ularda shu qadar yashirin maʼno va insoniyat hali kashf etib ulgurmagan sirlar mavjudki, yana minglab yil ulug‘ shoir ijodi o‘rganilsa ham birgina to‘rtlikda yashiringan maʼno va maqsadni bilib bo‘lmasa kerak.

    Ushbu to‘rtlikka eʼtibor qarating:

 G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,

El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.

Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulga tikondek oshyon bo‘lmas emish.

 

    Albatta, bu to‘rtlikni endi tili chiqqan bog‘cha bolalari ham yoddan aytib beradi. Lekin shoir bu bilan nima demoqchi?  

    G‘arib, kim u? G‘arib balki bizning qalbimizda umr davomida bandilikka hukm qilingan, oltin jismimiz ichra mahkumlikdagi pok ruhimizdir?

    G‘arib balki shoir zamonida uni qiynagan, u yetolmagan va topa olmagani – bu yolg‘onchi dunyodagi haqiqatdir.

    G‘arib balki o‘z vatanidan ayri yurgan, yurtining jamoli va tuprog‘ini birgina ko‘rishga zor musofirdir.

    G‘arib balki ozodlikdan nohaq mahrum etilgan mahkumdir.   

    Alisher Navoiyning yuqoridagi to‘rtligi maʼnosini men quyidagicha sharhlagan bo‘lardim:

 Ruhim, g‘urbat ichra g‘ariblikka hukm bo‘lgansen,

El mehridin yiroq, sarson bo‘lgansen.

Nechun o‘zga ashyon izlab giryon urursen,

Azaldan oltin qafas ichra mahkum bo‘lgansen.

 

Ruhim, kel tinch qo‘y meni, men ham dam olay,

Mayli, tashlab ket tanimni, men jonsiz qolay.

O‘qiganim barchasi rost, ko‘rganim yolg‘on,

Qaytib kelma to ikkisi bo‘lguncha ravon.

    Har kim Alisher Navoiy to‘rtligini turlicha talqin qilishi mumkin, lekin hech kim shoir ko‘nglidagi maʼnoni, muddaoni to‘la-to‘kis bila olmaydi. Shoir Sirojiddin Sayyid aytganidek, Navoiyga yetmoq uchun yana besh yuz yillar ham kamlik qiladi.

    Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning hazrat Alisher Navoiy to‘g‘risidagi ushbu mulohazalari yuqoridagi fikrlarimizning to‘laqonli isboti hisoblanadi: “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak shoirlarning sultonidir”.

    Zamon shitobi qanchalik tezlashsa-da, texnika jadal surʼatlarda taraqqiy etsa-da, Navoiy asarlari o‘z qadrini yo‘qotmaydi, balki o‘zining yangidan-yangi maʼnosini kashf etib boraveradi. Shuning uchun ham Navoiyni anglamoq, uning o‘gitlariga amal qilmoq lozim.

Oktyabr Rahimov,

professor