Qarshi davlat texnika universiteti “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamda Olmaliq davlat texnika instituti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
Shu munosabat bilan QarDTU oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Zafar Chorshanbiyev, Neft-gaz va geologiya fakulteti dekani Abbos Shodiyev va xodimlar boʼlim boshligʼi Zoir Roʼzimurodov korxonada boʻlib, masʼullar bilan muzokaralar olib bordilar.

Memorandumda universitet olimlari tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi muammolar yechimi yuzasidan amaliy loyihalar ishlab chiqish, xoʻjalik shartnomalari tuzish, bakalavrlar va magistrning ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishlari uchun kombinatda sharoit yaratib berish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, hamkorlikda talabalarimizni pul toʻlanadigan amaliyotlarga jalb etish, bitiruvchilarni soha boʻyicha ish bilan taʼminlash ham belgilangan.
* * *
Hamkorlik doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ilgʻor muhandislik maktabi imkoniyatlaridan foydalaniladi. Universitet oʻqituvchilari va talabalarining qisqa muddatli bepul stajirovkasi va amaliyotlari oʻtkaziladi.

Bu, oʻz navbatida, muhandislik maktabi moddiy-texnik bazasidan samarali foydalanish, tajriba orttirish imkonini beradi.
Universitetimiz vakillari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
* * *
Bundan tashqari, Olmaliq davlat texnika instituti bilan ham amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Xoʻsh, uning ahamiyati nimada?

Bu – xalqaro loyihalarda birga ishtirok etish degani. Ilmiy salohiyatdan kelib chiqib, nufuzli universitetlarning professor-oʻqituvchilarini dars jarayonlariga jalb qilish, talabalarimizning akademik mobillik asosida bir semestr davomida xorijda tahsil olishini anglatadi.