Bugun Qarshi davlat texnika universitetida Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi bilan hamkorlkida “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tizimida Oʻzbekiston tarixi va madaniyati” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Anjumanni ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Gʻulom Uzoqov kirish soʻzi bilan ochib, muhokama qilinadigan masalalarning mohiyati, ilmiy izlanishlarning ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tarix fanlari doktori Yulduz Ergasheva moderatorligida oʻtgan anjumanda mavzu yuzasidan Belorussiya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston olimlari tomonidan muhim maʼlumotlar bildirildi. Xususan, turk xoqonligining Markaziyo Osiyo sivilizatsiyasidagi oʻrni, Qashqadaryo viloyatining Oyoqchisoy vodiysiga oid yangi tadqiqotlar, Mahmudxoʻja Behbudiy hayotiga doir maʼlumotlar koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Mamlakatimizning akademiklik darajasiga erishgan olimalari haqidagi faktlar ham yosh olimlar uchun yangilik boʻldi. Qayd etilganidek, 1949-2023-yillar davomida 35 nafar akademik olima Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy va muxbir aʼzosi boʻlgan. Bugungi kunda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan olimalardan 5329 nafari falsafa doktori (PhD) va 979 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega.

Anjumanda Ikkinchi jahon urushi davrida Belorussiyadagi 352-Shtalag konslagerida saqlangan mahbuslar shaxsiyatiga oydinlik kiritilganligi aytib oʻtildi. Ular orasida qashqadaryolik Joʻra Baratov ham boʻlganligi maʼlum qilindi. Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston va Rossiya oliy taʼlim muassasalari hamkorligida yosh tarixchilar maktabini tashkil etish taklifi bildirildi.