Yurtimizda ustozlik maqomida yuksaklikka yetgan insonlar ancha. Ularning har biri sohada o‘ziga xos maktab yaratgan, yuzlab shogirdlarni tarbiyalagan, ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shgan. Bu an‘ana asrlar osha davom etib kelmoqda. Qahramon Allayev haqida gap ketsa, u kishini nafaqat yurtimizda, hatto Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bo‘yicha elektr tizimlarida asinxron turbogeneratorlardan samarali foydalanish maktabining asoschisi sifatida e‘tirof etishadi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Qahramon Allayev O‘zbekistonda energetika sohasini rivojlantirish, bu borada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, sohadagi muammolar yechimiga qaratilgan ustuvor masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga boshchilik qilmoqda.
Hayot pillapoyalarida
Matematikada “oddiylikdan murakkablikka” degan qoida bor. Aslida hayotimiz shu formula asosida kechadi. Bolalikdan keksalikka, bogʻchadan universitetga, oʻquvchilikdan rahbarlikka, harflarni hijjalab oʻqishdan shoirlik yo qoʻshiqchilikkacha yuksalib boraveramiz. Ustozning ham hayoti ana shunday pillapoyalardan iborat…
Moskva energetika institutida gidroenergetika va elektromexanika mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan qahramonimiz mehnat faoliyatini 1969-yili Toshkent politexnika institutida “Elektr tizimlari” kafedrasida katta oʻqituvchilikdan boshlab, kafedra dotsenti, dekan muovini, fakultet dekani, ilmiy ishlar boʻyicha prorektor, universitet rektori va vazir oʻrinbosari lavozimigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Bunga bilimi, salohiyati, tashkilotchiligi, odamlarni tushuna bilishi va ortidan ergashtira olishi bilan erishgan.
Bir taʼrifni alohida qayd etishni istardim: “Qayerda Qahramon Allayev boʻlsa, oʻsha yerda yangilik bor”. Bu mubolagʻa emas. Ustoz Toshkent davlat texnika universiteti rektori lavozimida ishlab yurgan kezlari, ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarga keng imkoniyatlar yaratish bilan birga fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyaning asosiy tashabbuskorlaridan biri boʻldi.
Yangi kafedralar tashkil etildi, taʼlim yoʻnalishlari ochildi. Malakali kadrlar tayyorlash sifati yuqori darajaga koʻtarildi. Oʻziga xos tizim yaratildi. Energetika vazirligi va universitet oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatildi. Natijada oʻnlab yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi. Eng asosiysi, professor-oʻqituvchilarning daromadi ikki hissa oshdi. Bu ularni yangi gʻoyalar sari ilhomlantirdi.
Olimlik masuliyati
Ustoz ancha yillar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan boʻlsa-da, ilmning jilovini qoʻyvormadi. 200 dan ortiq ilmiy maqola, 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma va 8 ta monografiya muallifining mamlakatimiz ilm-fani rivoji yoʻlidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. Taniqli olim 2017-yili Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi. Uning rahbarligida 20 nafar fan nomzodi va 5 nafar fan doktori yetishib chiqdi.
Respublikamizda ilmiy kadrlar tayyorlashda Allayev maktabi yetakchilardan hisoblanadi. Olim muallifligida tayyorlangan darslik, oʻquv qoʻllanma va ilmiy risolalar mamlakatimizda ushbu sohada kadrlar tayyorlashda meʼyoriy hujjat sifatida xizmat qilmoqda. Jumladan, ustozning “Zamonaviy energetika va uni rivojlantirish istiqbollari” nomli fundamental monografiyasi energetika toʻgʻrisidagi ensiklopediya, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu monografiya metallurgiya va sanoatning turli sohalari bilan bogʻliq energetik mutaxassislar uchun dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda. Monografiya ikki qismdan iborat boʻlib, unda dunyo va Oʻzbekiston energetikasining rivojlanish tendensiyalari, ekologiya va qayta tiklanadigan energiya manbalari, vodorod va atom energetikasini joriy etish muammolariga doir mavzularda ilmiy asoslangan taklif va maʼlumotlar berilgan. Shuningdek, soʻnggi oʻn yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish istiqbollari batafsil yoritilgan, jadvallar va tahliliy hisob-kitoblar keltirilgan.
Bundan tashqari, Qahramon Allayev – Xalqaro elektrotexnika fanlari akademiyasi akademigi, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibi. “Beruniy” yoshlar akademiyasi va shu akademiyaning “Texnika yulduzlari”, “Taʼlim tizimida ijtimoiy gumanitar fanlar”, “Energiya va resurs tejash muammolari” jurnallarini tashkil etishda rahbarlik qildi. Hozirgi kunda “Energiya va resurs tejash muammolari” jurnali bosh muharriri. Bu jurnalda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalari uchun maxsus son ajratilgani yosh olimlarning oʻz ilmiy izlanishlarini yanada keng targʻib qilishlari uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
Odamiylik - fazilat
Shogirdi kamolini koʻrishni istagan ustoz, avvalo, uning iqtidorini anglashi va qoʻllab-quvvatlashi lozim. Olimning bu borada oʻz uslubi bor – qatʼiyatli, qattiqqoʻl va talabchan. Sakson yoshda yoshlar bilan hamqadam boʻlish oson emas. Buning uchun bilim, tajriba va qatʼiyat kerak. Ustozning yoshlarga ma’qul bir xislati bor – huzuriga maslahat soʻrab kelgan kishilarga hech qachon eʼtiborsizlik qilmaydi. Tinglaydi, maslahat beradi, qoʻlidan kelgan yordamini ayamaydi. Bu ham olimlikning odamiyligidir.
Ilm-fan fidoyisining saʼy-harakati bilan yosh olimlarni qoʻllash, ularga keng imkoniyat yaratish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetidan tashqari Qarshi, Buxoro va Fargʻonadagi texnika OTMlarida ham energetika sohasi boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samarali yoʻlga qoʻyildi. Natijada oʻnlab yoshlar tomonidan doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlanmoqda. Qarshi davlat texnika universiteti faoliyatida ustoz tomonidan yaratilgan tamoyillar muhim oʻrin tutadi. “Muqobil energetika” va “Innovatsion texnologiyalar” ilmiy jurnallari tahrir hay’ati aʼzo si sifatida jurnallar saviyasini oshirish, yosh olimlarning shakllanishida, oliygohimizdagi ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirishda maslahat va yordamini ayamaydi. Universitetda oʻtkaziladigan anjumanlarda doim ishtirok etadi, talabalar va yosh olimlar uchun mahorat darslari, seminarlar tashkil qiladi, oʻz bilim va tajribalari, taʼlimotlarini yoshlar bilan boʻlishadi. Bu muloqotlar professor-oʻqituvchilar uchun ham muhim saboq boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, olim nafaqat ilm-fanda, balki hayotda ham oʻziga xos ibrat maktabini yaratdi. Haqiqatan ham, ustozning sharafli umr yoʻli barchamiz uchun namuna. Bu maktab professor-oʻqituvchilar va yosh olimlarni ilm yoʻlida bardavom boʻlishga undaydi. Ustoz yaratgan maktabning bosh gʻoyasi taʼlim sifati, fan taraqqiyoti, yoshlar kamoloti va, eng asosiysi, odamiylik anʼanasidir.
G‘ulom UZOQOV,
QarDTU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori,
texnika fanlari doktori, professor