Qarshi davlat texnika universiteti yosh olimlari xorijiy universitetlardagi malaka oshirish dasturlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti «Moliya va bank ishi” kafedrasi katta oʻqituvchisi Anvar Joʻrayev Gruziya texnika universitetida tashkil etilgan "Hukumat va jamiyat – 2025" mavzusidagi XIX xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi.

Anvar Joʻrayev anjumanda “Jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortish mexanizmida ijtimoiy chegirmalarni qoʻllashning ahamiyati va zarurati” (“Значение и необходимость применения социальных вычетов в механизме налогообложения доходов физических лиц”) mavzusida maʼruza qildi.

“Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi dotsenti Jahongir Bekqulov Gruziya texnika universitetida yetakchi professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda taʼlim tizimidagi innovatsion yondashuvlar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot metodlari hamda raqamli texnologiyalarni oʻquv jarayoniga integratsiya qilish boʻyicha tajribasini oshirmoqda.

Shu bilan birga, yosh olim universitet tarkibidagi Ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishib, ilmiy guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqot loyihalarini oʻrganmoqda.
* * *
Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti “Sanoatda axborot texnologiyalari va turizm” kafedrasi iqtisodiyot fani o‘qituvchisi Oybek Valiyev Xitoy Xalq Respublikasining Nankai universiteti (The Ranking TOP-300)da bilimini oshirmoqda.

Yosh tadqiqotchimiz Xitoy fanlar akademiyasi aʼzosi, professor Guanghua Wan rahbarligida bir oylik dastur asosida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.