Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov Muborak tumanining ogʻir toifali mahallalarida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” tamoyili asosida amalga oshirilgan xayrli ishlar va ularning natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Vazir oʻrinbosari boshchiligida Qarshi davlat texnika universiteti hamda Qarshi davlat universiteti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari tomonidan Qoraqum va Yashnaobod mahallalarida oʻrganish ishlari olib borildi.
Qoraqum mahallasida tashkil etilgan “Quyoshli xonadon” loyihasi, xususan Azamat Jumayev xonadonida oʻrnatilgan quyosh panellari va quyosh suv qizdirish kollektori shu oilani avtonom elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlashga va xarajatlarning qisqarishiga xizmat qilayotgani alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, mahallada vazirlik mablagʻi evaziga qurilgan artezian qudugʻi uchun 15 kilovatt sigʻimga ega quyosh panellari ham oʻrnatilgan boʻlib, suv inshootining uzluksiz ishlashi taʼminlangan. O.Mahkamov bu kabi loyihalarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi.

Qoraqum mahallasidagi 6-son umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi oʻquv yiliga tayyorgarligi oʻrganildi. Bu oʻquv maskanida vazirlik va Qarshi davlat texnika universiteti homiyligi asosida kompyuter savodxonligi sinfi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, undan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.

Maktab faollar zalida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, “Qoraqum”, “Yashnaobod”, “Sardoba” va “Paxtakor” mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, hokim yordamchilari va faollar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Muloqot davomida vazirlik va Muborak tumani hokimligi oʻrtasida tuzilgan chora-tadbirlar rejasi hamda uning ijrosi muhokama qilindi. Navbatdagi muhim vazifalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Mahalla yoshlarini, xususan oʻrta taʼlim maktabi bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga qamrab olish, maktablarda taʼlim sifatini yaxshilash, buning uchun universitetlar salohiyatidan foydalanish, yoshlar bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻrgatish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.